понедельник, 16 марта 2015 г.

SIZ BILGAN VA BILMAGAN “XAZINA”!!!

SIZ BILGAN VA BILMAGAN “XAZINA”!!!
Olimlarimizdan I. Yo‘ldoshev va N. Haydarovning «Amir Olimxon xazinasi qaerda?» maqolasida («Fan va turmush» jurnali, 1991, 10- son) ta'kidlanishicha, 1914 yildan oldin amir xonadoniga tegishdi oltin, kumush pullar va boshqa qimmatbaho zeb-ziynatlar ro‘yxatini aks ettiruvchi daftarlarning o‘zi taxminan bir yarim olchin (bir olchin 70 sm ga teng) qalinlikda bo‘lgan. Mazkur maqolada Turkiston jadidlarnning otasi ma'rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy muharrirligida chiqarilgan «Oyina» majallasining 1914 yilgi 25-sonida bir ko‘chirma keltiriladi. «Hozir Buxoro amirining tasarrufida bo‘lgan xazinaning ahchasi (oltin va ko‘mush) shu darajada mo‘lki, hech bir davlat xazinasida bu darajada ehtiyot saqlangan oltin va kumush pul yombilar bo‘lmasa kerak. Buxoro amirining saroylarida saqlanayotgan oltin va kumush pullar bo‘yi 50 olchin, eni 20 olchin va balandligi 8 olchin bo‘lgan bir tog‘dan iboratdir. Bu xazinadan tashqari 3 olchin kattalikda yana bir yerto‘la xazinasi bo‘lib, u rus, Buxoro va boshqa bir qancha davlatlarning oltin pullari bilan to‘ldirilgan. Amirning oltin va kumush xazinalari, unga qarashli banklarda ham saqlangan. Masalan, Chorjo‘y bekligida Amirning o‘n pud (160 kg), oltin va ming pud (16 tonna) dan ortiqroq kumush tangalari bo‘lgan. Shu bilan birga, Buxoro amirligida oltin konlar bo‘lib, xazina ulardan asr boshida qazib olingan oliy sifatli oltin evaziga to‘ldirilgan». Endi shu oxirgi jumlaga e'tibor beraylik. Maqolada yozilishicha, Buxoroda haqiqatan ham oltin konlar ko‘p bo‘lgan. Nurota tog‘i yonbag‘irlaridagi Sintob, Zarmiton, Muruntov kabn sakkizta oltin, kumush konlari qadim zamonlardan buyon ma'lum bo‘lgan. Muruntovdagi oltin konidan esa asrimiz boshidagina emas, balki necha yuz yillar avval ham foydalanib kelingan.
Majid Hasaniy Muruntov oltin koni tarixi bilan qiziqib, 1972 yilning bahorida mashhur geolog olim, akademik I. Hamroboevga: «Buxoro tillasi Sovet davridagina ma'lum bo‘ldimi yoki Muruntovni ilgari ham bilisharmidi?» - degan savol bilan murojaat qilganida, u kishi: «Buxoroning shuhratini olamga yoygan, amirlik quvvatini oshirgan uning Muruntovdagi tillasi bo‘lgan. Tilla koni VIII asrda arablar bosqini davrida ham ma'lum edi. Faqat u sir tutilgandi. Biz, sovet olimlari, Muruntov konini elliginchi yillardagina aniqlashga muvaffaq bo‘ldik».
«Buxoro amirining oltinlari» sarlavhali maqola mualliflari H. Uzoqov, S. Xolboev jiddiy tadqiqotlar natijasida amir qushbegi tomonidan ro‘yxatga olingan boyliklarni aniqladilar: «Buxoro tillasi- 1,148.380 dona, rus tillasi - 4,365.100 so‘m, yombi holidagi Gamburg tillasi- 1,108 pud (17 tonna 728 kg), yombi holidagi Gamburg kumushi - 2,844 pud (45 tonna 404 kg), rus kumush tangalari -1,385 pud (22 tonna 160 kg), Buxoro xazinasi - 62,834.780 dona, Buxoro mis tangasi - 731 pud (5 tonna 50 kg), rus banki kumushi--864 pud (13 tonna 734 kg) va hokazo, jami 34 nomdagi qimmatbaho narsalar ro‘yxatga olingan.
Amir qushbegi qayd etgan xazina boyligi taxminan quyidagicha baholangan: Buxoro tillasi- 5 milllion 741900 so‘m, rus tillasi - 4 million 378100 so‘m, Gamburg kumush yombilari- 1 million 706400 so‘m, mayda rus kumush tangalari - 346200 so‘m. Buxoro tangasi (15 tiyinligi)-9 million 425217 so‘m, Buxoro mis tangasi 4386 so‘m, tilla kukuni 266592 so‘m, tilla buyumlar (20458 dona)-9 million 883214 so‘m, turk tilla lirasi - 90420 so‘m. Chet el tillalari - 18254 so‘m, 150 karat brilliantlar - 1 million 730600, qizil yoqutlar - 209176 so‘m. marvaridlar - 9 million 500 ming so‘m, brilliant uzuklar va boshqalar - 230400 so‘m. Gamburg kumush yombilari 746590 so‘m, tilla parchalari-150 ming so‘m, kumush parchalari - 50 ming so‘m, jami 73 million 252 ming 380 so‘mni tashkil etadi. Amir va uning oilalariga tegishli buyumlar qiymati: brilliantlar - 522 ming so‘m, buyumlarga qadalgan brilliantlar - 1 million 730950 so‘m, qimmatbaho toshlar - 1 million 34140 so‘mnn tashkil etadi».
Amirlik davrida hukmron bo‘lgan katta-kichik amaldorlar, darbor ahlining har birida million-million oltin tanga pullari, zeb-ziynat va qimmatbaho boyliklari borligini yozuvchi Sadriddin Ayniy o‘zining «Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar» nomli tarixiy asarida mufassal bayon etgan. Amir g‘azabiga uchragan barcha katta-kichik amaldorlarning mol-mulklari musodara qilinib, amirlik xazinasiga keltirilgan.
Mazkur maqolada maxfiy hujjatning «Praviteli» deb nomlangan sahifalarida Frunze boshliq bolsheviklar bosqini davrida amirning Buxorodagi xazinasidan Moskvaga olib ketilgan oltin, kumush, zeb-ziynatlar, qimmatbaho boyliklar o‘n, o‘n uchtadan kam bo‘lmagan qizil harbiy vagondan iborat bir necha eshelonni tashkil qilganligi qayd etilgan. Darhaqiqat, faqat Buxorogina emas, balki butun ulug‘ Turkiston bolsheviklar bosqini davrida xonavayron bo‘ldi. Yurtning bebaho boyligi markazga tashib ketildi.
Taniqli yozuvchi Dushan Fayziy «Bormisan, erkinlik» nomli maqolasida («Guliston», 1991,4-son) Buxoro vohasida bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan inqilob tufayli yurt boyligi talon-toroj qilinganligi, mehnatkash xalqning iqtisodiy ahvoli nochor holga tushib qolganligi to‘g‘risida yozadi: «Sarkarda Frunzening harbiy qismlari shaharni to‘pga tutar ekan, qo‘mondonning o‘zi Kogon shahridagi suv taqsimlovchi minora tepasida turib, durbin orqali Buxoroning ayanchli ahvolini, kuli ko‘kka sovurilayotgan shahar Arki, madrasayu machitlarni, changi osmonga chiqayotgan uy-joylarni, xalqning ohu faryodini tomosha qilib turardi. Bu qanaqa «xaloskorlik?» Oktyabr inqilobining «ozodlik» nurlari deganimiz shumi?! Ertasi kuni (1920 yil 3 sentyabr) tongotarida dumiga 13 ta yuk vagoni tirkalgan parovoz Kogon temir yo‘l bekatidan Peterburgga qarab yo‘l oldi. Bu vagonlarda Buxoro Arkidan, amirlik xazinasidan talab olingan oltin va oltin buyular, tarixiy va badiiy ahamiyatga ega bo‘lgan qimmatbaho ashyolar ketayotgan edi».
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida Gubarevich-Radobilskiy «Ekonompcheskiy ocherk Buxari i Tunisa» (SPB. 1905) kitobida: «Amirlikning umumiy daromadi va xarajatlari 7 million so‘m bo‘lgan, shundan xazinaga 4 million so‘m tushgan»,- deb yozadi. S. Ayniyning «Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar» kitobida aytilishicha, amirlikning umumiy daromadi 1912 yilda 30 million so‘mni tashkil etgan. Inqilobga qadar amirning 6 ming sarbozi uchun 1 million so‘m, ming nafar el navkarlari uchun taxminan yuz ming so‘m mablag‘ sarflangan. D. N. Logofetning «Buxarskoe xanstvo pod russkim protektoratom» (SPB. 1869.) kitobida yozilishicha, daromadlar 18 million so‘mni, xarajatlar esa, 2,5 million so‘mni tashkil etgan. Biroq Buxoroda Rossiya siyosiy agentligi to‘plagan ma'lumotlarga qaraganda, 1869 yilda Buxoro amirligi xazinasida 7349,5 million so‘m bo‘lgan. Amir qushbegining ma'lumotiga ko‘ra esa, amirlikning yillik o‘rtacha daromadi 3 million 345 so‘mni tashkil etgan. Bu va boshqa biri ikkinchisiga zid ma'lumotlardan ayonki, Buxoro amirligi xazinasining muayyan hisob-kitobi saqlanmagan. Buxoro hukmdorligi xazinasidan biror-bir obodonchilik, maktab, suv chiqarish, maorif va sog‘likni saqlash ishiga mablag‘ ajratilganligi haqida ma'lumot yo‘q. O'z davrining ma'rifatparvar olimi Ahmad Donish Buxoroning suvsiz yerlariga kanal orqali Amudaryodan suv chiqarish uchun xazinadan mablag‘ ajratishni taklif etganida amir unga rad javobini qilgan. Mashhur yozuvchi va olim Abdurauf Fitrat «Hind sayyohining qissasi»da Buxoro hududida sog‘liqni saqlash, maorif ishlari ayanchli ahvolda ekanligini kuyunib yozib, Buxoro hukmdori xalqning xayrli ishlariga xazinadan mablag‘ ajratmaganidan afsuslanadi.
Buxoro amiri Said Olimxon saltanati davrida amirlik xazinasidagi hadsiz boyliklar, million-million so‘mlik oltin-kumushlar xususida Fayzulla Xo‘jaevdan tashqari Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Abdulvohid Manzum kabi siymolar ham ko‘plab yozganlar. Ayniqsa, S. Ayniyning «Doxunda» romanida bu davrdagi hayot ajoyib badiiy talqinini topgan.

Mazkur postni yozishda Majid Hasaniyning “Yurt bo‘ynidagi qilich yoki istilo” (Toshkent. «Adolat». 1997) kitobidan foydalanildi.

2 комментария: